Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi boʻlinmalari oʻrtasida sportning FUNKSIONAL koʻpkurash (krossfit) boʻyicha musobaqa oʻtkazildi
Joriy yilning 4-5 oktabr kunlari Oʻzbekiston FUNKSIONAL koʻpkurash federatsiyasi sport majmuasida Milliy gvardiya boʻlinmalari oʻrtasida sportning FUNKSIONAL koʻpkurash turi boʻyicha musobaqa oʻtkazildi. Mazkur musobaqada Milliy gvardiya Qoʻriqlash bosh boshqarmasi va hududiy boshqarmalar, harbiy qism va taʼlim muassasalaridan 100 nafarga yaqin harbiy xizmatchi va xodimlar ishtirok etdi.
Unda ishtirokchilar jismoniy imkoniyati, chaqqonligi hamda ruhiy tetikligini namoyon etdilar.
19 ta jamoadan iborat sportchilar, yengil atletika mashqlari yaʼni oʻtirib turish, turnikda tortilish, qoʻllarga tayanib bukib yozish, press, tumba ustidan sakrab oʻtish, yugurish, toshni siltab koʻtarish, tosh koʻtarib yurish, trenajyorlarda ishlash kabi turlari boʻyicha oʻzaro bellashdilar.
Yakuniy natijalarga koʻra, 1-oʻrin – Milliy gvardiyaning Toshkent shahridagi harbiy qism jamoasiga, 2-oʻrin – Milliy gvardiya Qoʻriqlash bosh boshqarmasi jamoasiga, 3-oʻrin oʻrin esa Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti jamoasiga nasib etdi.
Musobaqa shartlaridan oʻrin olgan mashqlarni belgilangan meʼyor talablari asosida bajargan gʻolib va sovrindorlar diplomlar, medal va kubok bilan taqdirlandi.
Bu kabi sport musobaqalarni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi boʻlinmalarida jismoniy tayyorgarlik mashgʻulotlariga funksional koʻpkurash sport turini kiritish, harbiy xizmatchi va xodimlar orasida mazkur sportni keng targʻib qilish boʻyicha yoʻl xaritasi”ning ijrosini taʼminlash, harbiy xizmatchi va xodimlarning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishga jalb qilish natijasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, shuningdek funksional koʻpkurash boʻyicha Milliy gvardiya terma jamoasini shakllantirishdir.